18 +  RSS  E-mail
17:39, 23 09 2018

Qaddini gʻoz tutib yuraverdi


28 yashar boʻlgan bu shaxs harbiy xizmatga majbur, 3 nafar farzandning otasi  edi. Muqaddam ikki marotaba bagʻrikenglik ifodasi boʻlmish amnistiya tufayli ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib, tugatilgan. Vaqtincha ishsiz edi. Xonqa tumanida yashagan…

A.R. firibgarlik, yaʼni aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish  yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagani va shunday qilmishni sodir etishni istagani holda, qasddan jinoyat  qilgan.

U gʻamxoʻrlik ifodasini notoʻgʻri tushundi va yana firibgarlik koʻchasiga kirdi.

Urganch shahrida tanishi Sh.E. bilan uchrashib qoldi.

— Ukam “Kobalьt” avtomashinasini sotmoqchi boʻlib yuribdi, oladigan  kishi boʻlsa mashinani yaxshi insonga, uni avaylab boshqaradigan  odamga sotardik, — dedi.

Sh.E. unga oʻzi avtomashina olish  ishtiyoqida yurganligini aytdi.

— Yaxshi saqlangan mashina, — dedi firibgar tanishiga,- oʻttiz yetti million soʻmga baholaymiz. Nomingga rasmiylashtirishni sal keyinroq, ishlarimdan ozgina boʻshagandan soʻng oʻtkazib beraman.

Shunday qilib Sh.E.ning 33,6 million soʻm pulini olishga  erishdi va avtomashinani uning nomiga rasmiylashtirib bermasdan aldab yuraverdi.

Oʻtgan yilning aprelь oyida u Sh.E.ga iltimos qildi:

— Mashinada bitkazadigan ishim chiqib turibdi, ikki soatdan soʻng qaytib kelib beraman, — dedi.

A.R. avtomashinani bogʻotlik O.S. ga olib borib berdi. Chunki undan  ancha miqdorda qarzi bor edi.

Sh.E. ham pulidan, ham avtomashinasidan ayrilib qolaverdi…

Shunday qilib A.R. qaddini gʻoz tutib yuraverdi. Ammo,  firibgarligi haddidan oshib ketgan kunlarning birida…

Uning  aldoviga uchib, ikki qoʻli boʻsh qolganlar bu  yuzadan huquq-tartibot organlariga  xabar qilishdi.

Firibgarning qilmishlari sudda birma-bir bayon etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybli deb topilgan A.R.ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zarar uchun sudlanuvchi A.R.dan fuqaroviy daʼvogar Sh.E. foydasiga 33,6 million soʻm tegishli tartibda undirilishi eʼtirof etildi.

Oʻzgalarning moddiy boyliklarini oʻziniki qilish maqsadida  faoliyat olib borgan firibgar shaxsga qonuniy jazo belgilandi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.