18 +  RSS  E-mail
8:09, 22 09 2018

Shved jurnalistlari IIVga tashrif buyurdilar 


Mamlakatimizning madaniy-tarixiy meʼrosi hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda oʻtkazilayotgan islohotlar haqida maʼlumot tayyorlash maqsadida, Oʻzbekistonga “Dagens Nyheter”shved nashri muxbiri Anna-Lena Lauren xonim va fototasvirchisi Rodjer Turesson tashrif buyurdi. Tashrif dasturiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida oʻtkazilgan uchrashuvda shved jurnalistlarini vazirlik Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi general-mayor Q.Burxonov hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik D.Muxitdinovlar qabul qilishdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, “Dagens Nyheter” nashri Shvetsiyaning yirik kunlik mustaqil gazetasi hisoblanib, 1864 yildan buyon nashr etiladi va bugunga kelib uning kunlik adadi 380 ming nusxani tashkil etadi. Nashriyotda 200dan ortiq jurnalistlar faoliyat koʻrsatib, ular dunyoning turli burchaklaridan tezkorlik va mahorat bilan u yoki bu mavzularni yoritib bermoqdalar.

Suhbat davomida Anna-Lena Lauren xonim samimiy va koʻngilli qabul uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shved jurnalistlarini xalqaro terrorizm va ekstremizmga, turli yot oqimlarning paydo boʻlishi va ular tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning usullariga, yoshlarni oʻz qatorlariga ogʻdirishga harakat qilishlariga qarshi kurashishda Oʻzbekiston ichki ishlar organlari xodimlarining keskin taʼsiri, shu jumladan, mamlakatimizda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar qiziqtirdi.

General-mayor Q.Burxonov va podpolkovnik D.Muxitdinovlar ushbu savollarga batafsil javob berib, transmilliy jinoyatlarga va mamlakatimizga turli yot gʻoyali oqim aʼzolarini kirib, barqaror, tinch vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan qoʻporuvchilik harakatlariga qarshi huquq-tartibot xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida»gi va joriy yilda qabul qilingan “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda Prezidentimiz tomonidan shu yilning 19 sentyabrida imzolangan “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan xorij jurnalistlarini tanishtirdilar.

Albatta, mehmonlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarda inson huquqlarini himoya qilishga oid tadbirlarga eʼtibor qaratilgani eʼtirof etildi.

Uchrashuv davomida xorijiy ommaviy axborot vositasi vakillarini qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.