18 +  RSS  E-mail
9:01, 22 09 2018

Gaz ballonli avtotransport vositalari xatlovdan oʻtkaziladi


Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalardan bexatar foydalanishga doir shoshilinch chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali xabar beradi.

Qarorda taʼkidlanishicha, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalarining soni 670 taga yetdi va avtotransport vositalarining 50 foizdan ortigʻi muqobil yoqilgʻi sifatida siqilgan tabiiy gazdan foydalanmoqda.

Shu bilan birga, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalarida gaz ballonlarini toʻldirishda, gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligi va ishonchliligini davriy sinovdan oʻtkazishda, shuningdek, eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish oqibatida belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari uchramoqda.

Bu kabi qoidabuzarliklar insonlar hayoti va salomatligiga zarar yetkazadigan va koʻpincha oʻlim bilan tugaydigan baxtsiz hodisalarga sabab boʻlmoqda. Xususan, 2018 yil 18 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida “Isuzu” yoʻlovchi avtobusida oʻrnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 5 kishi halok boʻlgan, 21 kishi jarohatlangan.

Qozonxona uskunalaridan foydalanish ishonchliligini oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularni tabiiy gaz bilan taʼminlash tizimi zamonaviytalablarga javob bermaydi, energiya taʼminoti va energiya samaradorligi masalalariga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti.

Avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalari va gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarini, shuningdek, tabiiy gazda ishlaydigan markazlashtirilgan qozonxonalarni xatlovdan oʻtkazish hamda ularning ishonchliligi va xavfsizligini oshirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.

Shuningdek, qarorga muvofiq gaz ballonlari bilan jihozlangan va yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport vositalari (taksilar)ni 2018 yil 1 dekabrgacha, jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari hamda tashkilotlarning gaz ballonlari bilan jihozlangan hamda ishlab chiqarish jarayonida va yuklarni tashishda foydalaniladigan maxsus texnikasi —  texnik koʻrikni oʻtkazishning belgilangan muddatlarida xatlovdan oʻtkazilishi belgilandi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.