18 +  RSS  E-mail
12:24, 21 09 2018

Oilaviy nodavlat bogʻchalar faoliyat boshlaydi


Navoiy viloyatida 7 ta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda 85 mutaxassis 263 nafar kichkintoyni tarbiyalab kelmoqda. Joriy yil oxirigacha viloyatimiz boʻyicha 120 nafar tadbirkor nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etish taklifini bildirishgan. Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

  Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 iyunda eʼlon qilingan «Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, mazkur turdagi nodavlat muassasa tashkil etayotgan tadbirkorga tijorat banklari tomonidan 15 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foiz stavka boʻyicha kredit ajratilishi belgilandi. Ayni paytda viloyatimizda bu kabi imkoniyatdan foydalanish istagini bildirayotgan tadbirkorlar safi ortib bormoqda.

«Qaldirgʻoch» nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi Karmana tumani «Sardoba» mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat boshlaganiga koʻp boʻlmadi. Hududdagi foydalanilmay kelinayotgan bino tadbirkor Otabek Qudratov saʼy-harakatlari bilan qayta rekonstruktsiya qilinib, 100 oʻringa moʻljallangan zamonaviy taʼlim muassasasiga aylantirildi. Buning uchun bank krediti va tashabbus egasining oʻz hisobidan 2,5 milliarddan ortiq mablagʻ sarflandi.

Bu yerda mashgʻulotlar asosan rus va ingliz tillarida oʻtkaziladi. Shuningdek, bolalarning sport bilan shugʻullanishi va intellektual salohiyatini oʻstiruvchi qiziqarli oʻyinlarda ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼlim muassasasida 15 nafar malakali pedagog va tarbiyachi faoliyat yuritadi.

  — Ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Navoiy shahri va Karmana tumani hududida tarbiyalanuvchilar uchun bepul avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi, — deydi muassasa mudirasi M. Moʻyinova. — Bundan tashqari, bu yerda bolalar mehmonxonasi ham mavjud boʻlib, ish va zarurat yuzasidan uzoq safarga ketayotgan ota-onaning murojaatiga koʻra, kechayu kunduz bola parvarishini oʻz zimmamizga olamiz.

Ayni kunlarda tadbirkor yana bir xayrli ishga qoʻl urdi. Maktabgacha taʼlim muassasasi hududidagi boʻsh turgan kichik yer maydonida issiqxona barpo etilmoqda. Endi bola organizmi uchun foydali boʻlgan pomidor, bodring va turli koʻkatlarni shu yerning oʻzida yetishtirish mumkin.

Xatirchi tumanidagi «Doʻstlik» mahallasida ham ana shu tipdagi muassasa faoliyat yuritadi. «Xatirchi agro prestij» fermer xoʻjaligi raisi Jamoliddin  Tursunovning tashabbusi bilan «Zamira aya erkatoylari» nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi yangi tizimga oʻtmoqda. Binoning rekonstruktsiya qilinishi va zarur jihozlar uchun fermer xoʻjaligi hamda bank krediti hisobidan 2,5 milliard soʻm sarf qilindi. Tumanda yil yakuniga qadar yana 29 ta nodavlat va davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etiladi.

Shu oʻrinda yana bir yangilik. 2018 yil 30 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari hamda Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati boʻyicha ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, endi qishloq joylarda davlat-xususiy sherikchilik asosida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etiladi. Mazkur turdagi maskanlarda 3-7 yoshli bolalar qamrab olinib, ularning soni 7-12 nafargacha boʻlishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, kichik muassasa faoliyati uchun litsenziya olish talab qilinmaydi va bu loyiha tashabbuskori taqdim etgan hujjatlarni oʻrganish asosida, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Bu esa yosh avlodni sogʻlom va yetuk voyaga yetkazish, ularning qalbida xalqimizning yuksak maʼnaviyati hamda insonparvarlik anʼanalariga sadoqat tuygʻularini shakllantirish barobarida mamlakatimizda xususiy sektorning yanada rivojlanishini taʼminlab, maktabgacha taʼlim muassasalarining tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.