18 +  RSS  E-mail
12:21, 21 09 2018

Jizzaxda qoidabuzar haydovchilardan 591 million soʻm jarima undirildi


Jizzaxda viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida muntazam reydlar tashkil etilmoqda.

Mazkur jarayonda haydovchilarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilishi va transportlarning texnik sozligi nazoratga olinib, noqonuniy yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanayotganlarga nisbatan choralar koʻrilyapti.

Jizzax shahrining Toshkent koʻchasida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan davlat raqami 25 S 789 YA boʻlgan «Damas” rusumli avtomashina toʻxtatilganda, haydovchi Sharof Meliqoʻziyev sugʻurta polisi muddatini oʻtkazib yuborganligini tan oldi.

Davlat raqami 20 357 LAA boʻlgan «Labo” rusumli avtomashina haydovchisi Ruslan Imomqulov telefonda soʻzlashayotgani uchun toʻxtatildi. Hujjatlarni koʻzdan kechirish jarayonida qoidabuzarligi uchun ilgari haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgani maʼlum boʻldi. Ruslandagi vaqtinchalik guvohnomaning ham muddati oʻtkazib yuborilgan.

Davlat raqami 25 R 445 DA  boʻlgan «Neksiya” avtoulovi haydovchisi Furqat Hazratqulov esa yoʻl harakati xavfsizligi xodimining toʻxtash ishorasiga boʻysunmadi va shu atrofdagi avtomobil tuzatish ustaxonasiga yashirinmoqchi boʻldi. U bilan ustaxonada suhbatlashilganda maʼlum boʻldiki, ilgari sodir etgan qoidabuzarligi sabab Furqatjon haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan, bu ham yetmaganidek unga berilgan vaqtinchalik guvohnoma muddati oʻtgan.

Islom Karimov koʻchasida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarining toʻxtash ishorasiga bir hafta davomida boʻysunmay qochib yurgan davlat raqami 25 T 077 VA boʻlgan «Neksiya” rusumli avtomobil toʻxtatildi. Ushbu mashina haydovchisi Furqatjon Egamberdiyevning maʼlum qilishicha, yoʻl harakati xavfsizligi xodimlaridan u emas, akasi Shavkat Egamberdiyev qochgan. Shavkat Egamberdiyev transportni ukasining ruxsatisiz boshqargan.

Xuddi shu koʻchada davlat raqami R 711 AA boʻlgan «Kaptiva” rusumli avtomashina toʻxtatilganida haydovchi Jasur Ahmadjonov sugʻurta polisini koʻrsata olmadi. Avtoulov jarima maydoniga olib ketilgani bois haydovchi nikoh korteji uchun olgan buyurtmasidan voz kechishga majbur boʻldi.

Davlat raqami 25 N 764 VA boʻlgan «Gaz-31” rusumli avtomashina toʻxtatilganida haydovchida hech qanday hujjat yoʻqligi ayon boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, mazkur avtoulov uning akasiga tegishli.

Jizzax shahrining Azimov koʻchasida Ulugʻbek Oʻsarovga tegishli davlat raqami 25 R 547 DA boʻlgan «Neksiya” mashinasi toʻxtatilganida haydovchining yoʻlovchi tashish faoliyati bilan noqonuniy shugʻullanayotgani aniqlandi.

Xuddi shunday qoidabuzarlikka davlat raqami 25 S 617 AA boʻlgan «Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi Akmal Siddiqov ham yoʻl qoʻygan. U Samarqand shahridan yoʻlovchilarni tekinga olib kelayotgan emish. Bunga shubha bildirgandik, «sersahovat” haydovchi bizni ham yurtimiz poytaxtiga bepul olib borishga vaʼda qildi.

Davlat raqami 25 S 997 AA boʻlgan «Neksiya” toʻxtatilganida haydovchi Gʻaybulla Abrorov avtoulovni yoʻl harakati xavfsizligi xodimlariga tashlagancha qochib qoldi. Uning mashinasi evakuatorga ortilib, jarima maydoniga olib ketildi. «Neksiya” rusumli davlat raqami 25 Q 499 DA boʻlgan avtomashina toʻxtatilganida haydovchi Eldor Xalikov atomashinaning texnik pasporti va sugʻurta polisini koʻrsata olmadi.

U.Toʻraqulov koʻchasida 25 A 839 YA davlat raqamiga ega «Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi Nosir Abdullayev piyodalar oʻtish joyidan harakatlanayotgan fuqarolarni oʻtkazib yuborishga sabri yetmadi. Nosir Abdullayevning bildirishicha, svetofor yashil yongan, yoʻl uniki, qoidani piyodalar buzishgan. Piyodalar «zebra chiziqlari”ga kirib boʻlganidan soʻng haydovchi ularga yoʻl berishi kerakligini qanchalik uqtirilmasin, tushunmadi.

Oʻylab qolasan, qoidabuzarliklarga qarshi tinimsiz kurashilmoqda. Ammo yoʻl transport hodisalari kamaymayapti. Balki qoʻllanilayotgan jazo choralari unchalik ham qatʼiy emasdir. Reyd davomida ikki jihat eʼtiborni tortdi. Birinchisi, haydovchilarning kattagina qismida hujjat bilan bogʻliq muammolar mavjud. Ikkinchisi, noqonuniy tarzda yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanish qariyb «epidemiya” darajasiga yetgan.

— Joriy yilning oʻtgan davrida viloyat IIB yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda 334 ta qoʻshma reydlar tashkil etildi, — deydi Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Abdumurod Bobomullayev. — Bu reydlar natijasida noqonuniy tarzda yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullangan 1650 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlar tomonidan 598,1 million soʻm miqdorida jarima jazolari tayinlandi va davlat foydasiga undirildi. Bu jarayonda 189 nafar fuqaro 30 kun ichida oʻz faoliyatini qonuniylashtirganligi uchun ularga nisbatan choralar koʻrilmadi. Kelgusida bu boradagi tadbirlar yanada kuchaytiriladi. Xususan, yaqinda Samarqandda yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchilarga qarshi reydlar uyushtirildi. Ushbu tadbirlarda jizzaxlik mutaxassislar ham ishtirok etishdi. Natijada noqonuniy yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanish 60 foizga qisqardi. Bizning viloyatda ham shu kabi reydlarni uyushtirish rejalashtirilmoqda.

— Koʻngilsiz hodisalarni kamaytirish maqsadida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan serqatnov yoʻllarda, chorrahalarda, maktablar qarshisida navbatchilik tashkil etilishi bilan birga targʻibot kuchaytirilmoqda, — deydi Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlimi inspektori, serjant Azizbek Davlatov. — Shuningdek, yoʻllar videokuzatuv uskunalari va radarlar nazoratiga olinmoqda. Ayni vaqtda ayrim qoidabuzarliklarga nisbatan choralarni kuchaytirish, qatʼiylashtirish ustida ish olib borilayapti.

Alijon ABDUSATTOROV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.