18 +  RSS  E-mail
17:14, 20 09 2018

Kelinoyining ko’ngilxushligi uchun…


young man fall asleep in a car

Muqaddam  umuman jinoyat koʻchasiga kirmagan ikki nafar aka-uka yangasining or-nomusi uchun oʻzganing qotiliga aylanishiga bir bahya qoldi. Chunki,  ular  “jahl  kelganda aql ketadi” maqolining magʻzini chaqib koʻrishmagan edi…

Shirin Oripova (ism-shariflar oʻzgartirilgan) Salimovlar oilasiga kelin boʻlib tushdi. Ikki nafar farzand tugʻildi. Baxtli yashayotgan kunlarning birida oila suyanchi,  Shirinning umr yoʻldoshi I.Salimov avtohalokat oqibatida hayotdan koʻz yumdi. Eriga sadoqatli boʻlgan kelin oila aʼzolari bilan birga yashab qolishga ahd qildi. Ikki nafar farzand ham oʻz tugʻishganlari orasida yayrab oʻsa boshlashdi.

Kunlarning birida Shirinning qaynukasi Karim nima sababdandir  kelinoyisining  uyiga kirib qoldi. Jiringlayotgan telefon uning tezda chiqib ketishiga imkon bermadi. U telefondagi raqamning begona kishi ekanligini bildi va oʻzining telefoniga ushbu raqamni yozib oldi. Telefonni koʻzdan kechirganida tungi  soat uchda,  gohida toʻrtda yangasi oʻsha raqamga qoʻngʻiroq qilganligini bilib oldi.

Karim endigina 20 yoshga kirgan navqiron yigit edi. U oʻzidan  9 yashar katta akasi Rustamga bu haqda shipshitdi. Kelinoyisining kim bilandir pinhona soʻzlashib yurganligini aytdi.

“Ogʻamning  ruhini chirqiratishini istamaymiz…” deyishdi ular gʻazabga minib. Shunday qilib bu soʻzlashuvdan qaynona ham xabardor boʻldi.  Qaynona kelinidan oʻgʻli aytgan raqam kimniki ekanligini soʻradi. Kelin esa qaysidir erkak uni bezovta qilib yurganligini aytdi

Shunday qilib ikki aka-uka telefon raqamidagi kishini izlay boshlashdi. Raqamga telefon qilishganida  raqam egasining sotuvchi ekanligini bozorning gʻala-gʻovurlaridan bilib olishdi.

Telefondagi yigit ismini Umar deb aytdi. Ular nihoyat  kelinoyisini bezovta qilayotgan yigitni topib olishdi. Ha, bu qassobchilik bilan shugʻullanadigan, goʻsht doʻkoni egasi boʻlib chiqdi.

Aka-ukalar Umar bilan  yuzma-yuz  uchrashib gaplashib olmoqchi boʻlishdi va Umarga telefon qilishdi. Umar esa “bugun kech boʻlib qoldi ertaga uchrashamiz” deganida aka-ukalar  bugun koʻrishmasa boʻlmasligini aytishadi.

Karim va Rustam Umarga mehmonxona yoniga bir oʻzi yolgʻiz kelishini aytishadi.

Umid yonida bojasi bilan oʻzining shaxsiy “Damas” rusumli avtomashinasida keladi. Shu payt telefonda suhbatlashgan aka-ukalar paydo boʻlishadi. Ularning qoʻlidagi pichoqni koʻrgan Umar mashinani zudlik bilan haydab qochishga harakat qiladi. Ammo, ulgura olmaydi.  Rustam  mashinaning haydovchi oʻtiradigan tomondan kelib  pichoq bilan qoʻliga sanchib oladi. Ogʻirroq zarbadan qutilish maqsadida Umar pichoqni oʻng qoʻli bilan Rustamning qoʻlidan tortib olmoqchi boʻlganida pichoq bu qoʻlining oʻrta boʻgʻinini ham kesib yuboradi.

Bunday qoʻrqinchli holatdan  gangib qolgan, mashinada boʻlgan Umarning bojasi qochib ketadi.

Koʻzi qonga toʻlgan Karim esa uning bojasi Bahromni quvlab ketadi.  Umar mashinadan tushib qochadi. Ammo 10 metrlar chamasi yugurganidan soʻng izidan yetib kelgan Rustam  kiyimidan tortganligi sababli u yerga yiqilib tushadi. Shu payt  Rustam  qoʻlidagi pichoq bilan uning boʻyniga sanchadi. Halloslab yetib kelgan Karim esa beliga pichoq urib tashlaydi. Umar  holsiz ahvolda qoladi.

Shu payt aka-ukalarning otasi  va onasi  yetib keladi. Ota voqeani anglagach, Umarga “sen kimning oʻgʻlisan?” deydi va farzandlariga  pichoq zarbidan toʻlgʻanib yotgan yigitning yuzini koʻrsatishini soʻraydi.

Ota Umarning yuziga bir tarsaki tushiradi va  “sen kimning bolasisan?” deb soʻraydi. Umar zoʻrgʻa nafas olib “uyim “Sevara” doʻkoni yonida”, deydi.  Ota oʻgʻillariga qarab “mashinani uning ota-onasining uyiga   haydanglar,  men ota-onasi bilan tanishib kelaman” deydi  dargʻazab boʻlib. Chunki  shu paytda uning koʻziga Umar juda yomon koʻringan edi. Vafot etgan  oʻgʻlining ruhini chirqiratib yurgan Umarni oʻldirib qoʻyishni istardi…

Ular  jarohatlangan yigitni  mashinaga yuklashdi. Ammo onasi yarim yoʻlga kelganida “buni toʻppa-toʻgʻri kasalxonaga tashlab ketamiz, kimga kerak boʻlsa davolatib olar” deydi.

Shunday qilib ota-ona  va farzandlar birgalikda  shifoxonaga olib kelib mashinadan tushirib yuborishadi.

Shifokorlar  jarohat olgan fuqaroni darhol olib kirib operatsiyaga tayyorlashadi.

Shu yuzadan boʻlib oʻtgan sud jarayonida Umar Rahimov “Shirinning  oʻzi unga telefon qilib yurganligini, oʻzi biror marta  ayolni  bezovta qilmaganligini” aytadi.

Shirin esa Umar Rahimov bilan deyarli bir yildan buyon gaplashib, yaqin munosabatda boʻlib ketganligini, hattoki undan boʻlgan farzandini oldirib tashlaganligini aytadi.  Mazkur  kichik operatsiya uchun Umar 100 AQSh dollari berganligini ham yashirmaydi. Zarur paytida Umarga pul ham berib yurganligini aytadi.

Kelinoyisining qilmishlari ikki aka-ukaga  isnod boʻlib tuyuldi. Ular oʻzlarini bosolmay qolishdi. Oqibatda  begona bir yigitning qoniga qoʻllarini boʻyashdi. Kelinoyisi Shirin esa  qilmishlariga, Umarni sevishiga ham iqror boʻldi….

Endi nima boʻladi? Oilaning ikki nafar navqiron farzandining 10 yili panjara ortida oʻtadigan boʻldi.

Rustam Salimovning ikki nafar farzandi, guldek  ayoli, shiringina oilasi bor edi. Karim esa hali uylanmagan edi. Ota-onasi Karimning toʻyiga niyatlab  sarpolar  yigʻishayotgandi, qoramol boqishayotgandi…

Dunyodan oʻtgan oʻgʻlining farzandlaridan ayriliq dogʻi, ikki nafar farzandidan oʻn yilga ajralish dahshati ota-onani gangitib qoʻydi.  Ehtimol, Shiringa oʻz vaqtida  ruxsat  berib, ota-onasi uyiga yuborishganida bunday fojeali qismat ularning boshiga tushmagan boʻlarmidi?!

Ehtimol, gʻazablarini bosishganida, oʻzgaga pichoq oʻqtalishmaganida, boʻlgan holatni bosiqlik, aniqlik bilan muhokama qilishganida balki, bunday katta yoʻqotishlarning oldi olingan boʻlarmidi?! Ehtimol…

Keksaygan ota-ona birdaniga ikki oʻgʻlidan uzoq muddatga ajralishdi.  Ularning koʻrgan gʻamlari ozmidi? Vafot etgan oʻgʻlining oʻti oʻchmasdan yana  qismatning toshiga duch kelish… keksalarning koʻzidan yoshini oqizdi.

Rustam va Karim… ular  haqiqatdan ham Umarning qotili  boʻlmoqchi edilarmi yoki uni qoʻrqitib qoʻyishga harakat qilishganmidi? Unday boʻlsa qoʻllarida nima uchun pichoq koʻtarib olishgan edi?

Xullas, savollar koʻp, javoblar esa turlicha…

Barcha qilgʻilikning bosh sababchisi boʻlgan kelin Shirin esa koʻngil koʻchasida yurganligini yashira olmadi. Ehtimol u Umarni sevishini aytib oiladan chiqib ketganida ham bunchalar pichoqlashishlar boʻlmasdi…

“Gʻazabini tiygan mard” deyishadi  xalqimizning maqolida. Gʻazabini jilovlay olmagan aka-ukalarining qismati chindan-da ayanchli edi…

Feruza TANGRIBERGANOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.