18 +  RSS  E-mail
7:35, 19 09 2018

Yoshlarni barkamol etib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan “Mustahkam oila“ dasturi


18-20 sentyabr kunlari Xalq taʼlimi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasini Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakillikigi (UNODC) bilan birgalikda “Mustahkam oila” dasturi boʻyicha “Grand Orzu“ mehmonxonasida trening oʻtkazilmoqda.

Mazkur tadbirning maqsadi “Mustahkam oila”dasturini kelgusida kengaytirilgan holda amalga oshirish boʻyicha trener-stajyorlar jamoasini tayyorlashdir, deb xabar qiladi Xalq taʼlimi vazirligi аxborot xizmati.

Oʻtkazilayotgan trening jarayonida milliy trenerlar “Mustahkam oila” dasturini asosiy 7 sessiyasini oʻtkazish boʻyicha jamoa aʼzolarini tayyorlash uchun trening qatnashchilarini murabbiylik koʻnikmalariga oʻrgatadi xamda 4 ta qoʻshimcha sessiyasini oʻtkazish uchun ularni tayyorlaydi. Tayyorlangan stajyorlar jamoasi xalq taʼlimi mutaxassislarini yuqorida koʻrsatilgan dastur asosida Respublikaning barcha maktablarida oʻtkazish uchun oʻrgatishga jalb qilinadi.

Xalq taʼlimi vazirligi UNODC bilan 10 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar va ularni ota-onalari uchun Toshkent shahridagi maktablarda “Mustahkam oila” dasturini samarali natijalar bilan amalga oshirib kelmoqda. 2016-2018 yillar mobaynida mazkur dastur Toshkent shahridagi 19 ta maktabda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.

Oʻsmirlar va ularning oilalari uchun moʻljallangan “Mustahkam oila” dasturi, oʻsmirlik davrida paydo boʻladigan axloq muammolarini, zararli odatlar, psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishni oldini olish, shuningdek, ota-onalik koʻnikmalarini mustahkamlash va mustahkam oilani shakllantirishga qaratilgan.

Dastur ketma-ket yettita sessiyada video materiallardan foydalanib, rolli va taʼlim-tarbiyaviy oʻyinlari, munozaralar va birgalikdagi oilaviy mashgʻulotlar davomida oʻtkaziladi.

Dasturda qatnashish davomida ota-onalar tomonidan olingan maxsus koʻnikmalar kelgusida farzandlari bilan ijobiy munosabatlarni qurishga, chegaralarni belgilash va qoidalarni oʻrnatishni oʻrgatadi. Shuningdek, qoidalarni buzishdan kelib chiqadigan oqibatlar haqida tushuntirish beradi. Ular oʻsmirlarning xatti-harakatlarini nazorat qilishni va ijobiy usullar bilan zaruriy intizomni yuzaga keltirishni oʻrganadi.

Oʻsmirlar oʻz kelajagiga maqsad qoʻyish va ularga erishish uchun maxsus bilim va koʻnikmalar oladi: oʻzini va tengdoshlarini negativ taʼsiriga barham berishni va kiyin vaziyatdan chiqishni xamda ular ota-onalarini qadrlashni va ularni nuqtai-nazarini tushunishni oʻrganishdi.

Dasturda olingan bilim va koʻnikmalar shaxsda himoya mexanizmlarini tarbiyalaydi, oʻsmirlarga zararli odatlarning tibbiy-ijtimoiy oqibatlarini tushuntiradi, shuningdek zoʻravonlik, jinoyatchilik, psixoaktiv moddalarni isteʼmolini erta oldini olishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda “Mustahkam oila” dasturini amalga oshirish natijasini BMT giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan baholashi, dasturda ishtirok etgan bolalar va ularning ota-onalarida statistik ahamiyatga ega ijobiy oʻzgarishlarni koʻrsatdi.

Kelgusida (joriy yilning yakuniga qadar) har-bir hududda bittadan “Mustahkam oila” dasturi asosida namunaviy (trener) maktablarni tashkil etish va ularni “Happy schools” (Baxtli maktablar) deb nomlash keyinchalik ulardagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish rejalashtirilgan. “Happy schools” (Baxtli maktablar) zoʻravonlik, jinoyatchilik, zararli odatlardan holi mustahkam oila va maktab hamkorligiga asoslangan xavfsiz maktablar sanaladi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.