18 +  RSS  E-mail
6:53, 18 09 2018

Gulruhda kurashga boʻlgan qandaydir ichki ixlos va muhabbat bor


…U jamalak sochlarini  ikkita qilib oʻrib, ilk bor sport dargohiga kelganida 6 yashar qizaloq edi. Sport murabbiysining savollariga bir zumda javob berib, tarjimai holini sharillatib aytib tashlagan chaqqon qizchaning hozirjavobligi, ayniqsa sportga boʻlgan qiziqishi tufayli u tez orada tengdoshlaridan ajralib tura boshladi.

— Senda  kurashga boʻlgan qandaydir ichki bir  ixlos va muhabbat bor, — dedi unga murabbiy Baxtiyor Sobirov, — kurashni tez oʻzlashtirib borayapsan. Hali bir kuni kelib sen Osiyo chempioni boʻlasan…

Qizaloq yerga qarab yengilgina tabassum qildi.

Ayni kunda Gulruh 17 bahorni kutib oldi. Uning boʻynidagi shoda-shoda medallarni koʻrgan kishining havasi  keladi.

Joriy yilning 7 martida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Navoiy viloyatidan borgan sportchi qizlar bilan kurash maydoniga tushgan Gulruh Sobirova tengdoshlarining barchasini magʻlub etdi va birinchi oʻrinni egallab, Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

U sportga qiziqishidan tashqari har bir xotin-qiz bilishi zarur boʻlgan pazandachilikni ham qoyilmaqom qilib  uddalaydi.

— “Dilnur” oʻquv markaziga qatnab, shirinlik, pechenьe va pishiriqlar tayyorlashni oʻrganib oldim, — deydi Gulruh, — chunki   pazandachilik har bir ayolning sevimli mashgʻuloti boʻlmogʻi kerak. Oʻqishdan va mashgʻulotlardan boʻsh paytlarimda  ota-onamga  shirinliklar pishirib berishdan zavqlanaman….

Urganch shahridagi  bolalar va oʻsmirlar sport maktabida  mashqlarni  birga bajarayotgan dugonasi Mashhura Asqarova ham bahorda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medaliga sazovor boʻlganligini taʼkidlaydi.

Ayni paytda Urganch shahridagi 11-sonli maktabning 11-sinfida oʻqiyotgan Gulruh har bir fandan aʼlo baho olishga harakat qiladi.

— Gulruh eng iqtidorli kurashchilarimizdan sanaladi, — deydi erkin kurash boʻyicha oliy toifali murabbiy, xalqaro toifadagi hakam Baxtiyor Sobirov, — u bir necha marta Oʻzbekiston chempioni boʻlishga ulgurdi. Xalqaro turnirlarda ham muvaffaqiyatli  qatnashib  kelmoqda. Osiyo chempionati sovrindori  boʻlgan Gulruh sport ustaligiga nomzod, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.  Isteʼdodli, erkin kurashchi qizimiz Gulruhdan umidimiz katta.

Gulruh  jahon chempionatlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, Oʻzbekiston bayrogʻini dadil koʻtarish uchun  mashqlarda toblanmoqda.

Feruza TANGRIBERGANOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.