18 +  RSS  E-mail
11:01, 17 09 2018

Notarius fuqarodan 17-shaklni talab qilmaydi


Notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan “yagona darcha” tamoyili boʻyicha bitimlarni tasdiqlashda davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali.

Qaror bilan turar joy oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlashda turar joyda doimiy propiskada boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni olishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga muvofiq, turar joyda doimiy roʻyxatga olingan shaxslar haqida maʼlumot olishda davlat notarial idoralari va ichki ishlar organlarining oʻzaro hamkorlik qilishi tartibi belgilandi.

Mazkur tartibga koʻra, turar joy mulkdori yoki uning nomidan harakat qilishga vakolatli boʻlgan vakil turar joy oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash uchun DNIga koʻchmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda kadastr yigʻmajildi, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etadi.

Bunda notariuslar maʼlumot olish uchun turar joy joylashgan ichki ishlar organiga kur’erlik xizmati orqali yozma shaklda yoki idoralararo elektron tizimlar orqali soʻrovnoma bilan murojaat qiladi.

Ichki ishlar organlari, agar soʻrovnoma kurьerlik xizmati orqali yuborilsa – bir soat ichida yozma yoki elektron shaklda, elektron tizim orqali yuborilsa – zudlik bilan real vaqt rejimida elektron shaklda javob berishi shart.

Maʼlumotlar ichki ishlar organlari tomonidan bepul beriladi.

Ushbu Reglament 2019 yil 1 yanvardan amalga kiradi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.