18 +  RSS  E-mail
7:27, 17 09 2018

Jizzaxning Xonbandi aholisi mamnun


“Xonbandi” mahallasidagi 9 qavatli uy taʼmir-talab ahvolga kelib qolgan edi. Ushbu uy tuman hokimligi balansiga olinib, “Obod qishloq” dasturi doirasida toʻliqtaʼmirlandi va uning 4 qavati jismoniy imkoniyati cheklangan, oʻzgalar koʻmagiga muhtoj 36 nafar nogironlar uchun ajratilib, toʻliq jihozlandi.

Nogironlar uchun ajratilgan har bir xonadon uy jihozlari bilan taʼminlanib, yashash uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Tabiiy gaz, issiq va sovuqsuv bilan taʼminlangan. Kanalizatsiya tizimi toʻliq taʼmirlanib, ishlab turibdi. Uy hovlisida bolalar maydonchalari, sunʼiy oʻyingoh bunyod etildi, uy atrofiga manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi. Ularni sugʻorish uchun suv tarmogʻi tortildi.

Bir soʻz bilan aytganda bu uyda baxtli yashash uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar muhayyo etildi.

Forish tuman hokimi Abdivali Mustanov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni masʼul xodimi Narzulla Ollomurodov, ushbu uy boshqaruvchisi Tansiq Hosilbekova, mehnat faxriysi Natalьya Magedinalar soʻz olib, barcha yigʻilganlarni mustaqilligimizning 27 yilligi bilan samimiy qutladi va mamlakatimizda imkoniyati cheklangan nogironlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni imkoniyatiga qarab ish bilan band etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

— Fayzli, goʻzal, kishi koʻrsa havas qiladigan mahallaga koʻchib kelganimizdan quvonchim ichimga sigʻmayapti, — deydi baxtli oilalardan birining bekasi Majrum qishlogʻidan koʻchib kelgan nogiron, 2 nafar farzandning onasi Kenjagul Turkmenova. — Oldingi uyimiz oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida qurilgan boʻlib, shart-sharoitlari yoʻq, yaroqsiz holga kelibqolgan edi. Yashash uchun sharoitlar cheklangan joyda bir umr qolib ketishdan qoʻrqib yashardik. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Bunday imkoniyatni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga va tumanimiz rahbarlariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

— Biz oilamiz bilan «Oʻxum” mahallasida yashardik, — deydi imkoniyati cheklangan MironshohFarmonov. — Mahallamiz tuman markazidan ancha olisda boʻlib, imkoniyatim cheklangani bois shaharlarga borib turishga qiynalardim. “Obod qishloq” dasturi bois “Xonbandi” mahallasi shahar qiyofasini olibdi, koʻrib koʻzimiz quvondi. Qolaversa, bu yerda farzandlarimizni barkamol insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun bolalar maydonchalari, oʻyingoh bunyod etilgan. Kichkintoylarimiz uchun maktabgacha taʼlim muassasasi muhayyo. Yaratib berilgan bunday imkoniyatdan foydalanib, farzandlarimizni Vatanga sadoqatli, el-yurtga xizmat qiladigan komil insonlar boʻlib ulgʻaytirishga vaʼda beramiz. Bizga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlikdan mamnunmiz.

Bayram tadbirida tuman madaniyat va aholi dam olish markazi sanʼatkorlari, oʻquvchi-yoshlar baxtiyorlik va shodlik kuy-qoʻshiqlarini, laparlarini ijro etishib, tadbir ishtirokchilarini xushnud etishdi. Vatan, istiqlol, mardlik, tinchlik haqidagi eng sara qoʻshiqlar sahna uzra jarangladi.

Insonhayotdan qachon rozi boʻladi? Qachonki, u oʻz uyiga ega boʻlsa, oilasi bilan tinch-totuv yashasa. Aynan ana shu insonga boʻlgan eʼzoz va ehtirom bugungi kunning amaliy harakatiga aylangan. Tadbir nihoyasida nogironi bor, uyga muhtoj 33 nafar oilalar barcha shart-sharoitlar yaratilgan oʻzlari uchun ajratilgan uylarga joylashtirildi.

Rashid KARIMOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.