18 +  RSS  E-mail
7:22, 17 09 2018

Hokim oʻrinbosari pora olayotganda qoʻlga olindi


Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Boysun tuman boʻlimi xodimlari tomonidan tuman prokuraturasi  va  Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda fuqarolar J.S va X.P.larning arizasi yuzasidan Boysun tumani Rabot massivida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tuman kadastr boʻlimi mutaxassisi S.A., fuqaro J.S.dan, uning qarindoshi X.P.ning nomiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va bogʻdorchilikka moʻljallangan 0,30 ga lalmi yer uchastkasi ajratib berish evaziga 30 mln. soʻm pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar beradi.

Tadbir davomida S.A. yer ajratish boʻyicha hujjatlarni tuman hokimiga imzolatishi uchun hokimning qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari M.Sh.ga 100 AQSh dollari berishi kerakligini, qilmishidan pushaymonligini bildirib, jinoyatini fosh etishda faol ishtirok etishini maʼlum qiladi.

Shunga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, Boysun tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari M.Sh., tuman kadastr boʻlimi mutaxassisi S.A.dan 100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.