18 +  RSS  E-mail
10:46, 16 09 2018

G’oliblar munosib kutib olindi


Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida jangovar sambo bo’yicha jahon kubogi musobaqasi bo’lib o’tganidan ko’pchilikning xabari bor. Unda yigirmadan ortiq davlat vakillari qatnashdi.

Musobaqada ishtirok etgan o’zbekistonlik sportchilar o’z mahoratlarini namoyish etib, beshta oltin medalni qo’lga kiritishdi. Ular orasida hamkasbimiz, Farg’ona viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassisi, safdor San’atbek Ismonovning borligi ko’ngilda faxr tuyg’usini uyg’otadi.

…Toshkent xalqaro aeroporti. Sportchilarning hamkasblari, oila a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari jam bo’ldi. IIV Alohida namunali ko’rgazmali orkestrining sho’x-shodon kuylari ostida sportchilar kutib olindi. Ular ona Vatanimiz bayrog’ini yanada yuksaklarga ko’tarib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib qaytishdi. Safdor San’atbek Ismonovning hamkasblari, oila a’zolarining yuzidagi quvonchni so’z bilan ta’riflash qiyin.

— O’g’lim ichki ishlar organlarida xizmat qilishining o’zi oilamizni benihoya quvontirardi, — deydi San’at­bekning otasi Shuhrat Nuraliev. — U yoshligidan sport bilan shug’ullanardi. Bugun jahon miqyosidagi musobaqada g’alaba bilan yurtimizga qaytganidan quvonchlarim yanada ortdi. Mustaqil davlatimiz bayrog’ini yuksakka ko’tarib, yurtimiz sha’ni munosib himoya qilgan o’g’lim borligidan faxrlanaman.

Otaning hayajonli so’zlari uning qanchalik quvonayotganidan dalolat. Zero, farzand o’stirib, ortidan mana shunday e’tirof olish har bir ota­-onaning orzusi.

Hamyurtlarimiz va hamkasblarimiz orasida bunday yutuqlarga erishayotganlar talaygina. Ana shunday o’g’lonlari bor yurt, doimo tinch va osoyishta bo’lib, taraqqiyot sari dadil odimlayveradi.

Inomjon RAHIMXO’JAEV,
leytenant.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.