18 +  RSS  E-mail
14:31, 13 09 2018

“Ommaviy madaniyat”ning salbiy taʼsiri


Mamlakatimiz jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega davlatlar qatorida, oʻz taraqqiyot yoʻli sari dadil qadam tashlab bormoqda. Yurtimizda olib borilayotgan tinchliksevarlik siyosati xalqi-mizning osuda va farovon turmush kechirishi uchun xizmat qilayotgani ayni haqiqatdir.

Bu haqiqatni anglamoq uchun jahonda yuz berib turgan siyosiy, madaniy va iqtisodiy jarayonlarni kuzatish, tahlil qilishning oʻzi  yetarli. Ayrim mamlakatlarda sodir boʻlayotgan fuqarolik urushlari, siyosiy beqarorlik, tabiat hodisalari tufayli yuz berayotgan halokatlarni  koʻrganda Alloh nazari tushgan mana shunday jannatmakon yurtda yashayotganingga shukr aytasan kishi.

Ammo, bugungi globallashuv jarayoni  hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan, ayniqsa kelajak egalari boʻlgan yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgan “ommaviy madaniyat” taʼsiri turmushimizda anchayin sezilib boshlagani ogohlikka chaqiruvchi holatdir. Zero, yoshlarimizning bugun qanday unib-oʻsayotganliklari, qanday inson boʻlayotganliklariga bogʻliqligi rad etib boʻlmas haqiqatdir.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, eng kuchli va eng taʼsirchan qurolimiz — bu maʼnaviyatdir. Maʼnaviyatli inson — irodali, dunyoqarashi keng, tafakkuri boy va madaniyatli boʻladi. Va aynan yuksak maʼnaviyat “ommaviy madaniyat”ga, buzgʻunchi va vayronkor gʻoyalarga qarshi kuchli himoyadir.

Yurtimiz buyuk insonlar yurtidir. Biz ajdodlarimiz bilan qancha faxrlansak, iftixor etsak shuncha ozdir. Ammo kechagi kun xotira, bizga saboq boʻlsa, ertangi kun bizdan harakatni, umidlar, orzularning roʻyobini kutadi. Ajdodlarimiz kutgan istiqlol bizning davrimizga nasib boʻldi. Endi mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning qadriga yetish, bizdan keyingi avlodga obod va farovon, taraqqiyot yoʻlidan ildam odim otib borayotgan mustaqil Vatanni qoldirish  masʼuliyati  chin insoniylik, vatanparvarlik burchidir.

Buning uchun eng avvalo yoshlarimiz taʼlim tarbiyasiga,  dunyoqarashining shakllanishiga eʼtibor berishimiz, turli xil yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmasliklari, “ommaviy madaniyat” qurboniga aylanmasliklari uchun mafkuraviy immunitetni shakllantirishimiz  lozim.

Oʻzbek milliy tarbiyasi yetuk, komil insonni andoza qilib olgan. “Ommaviy madaniyat” esa insonni bilim, imon, insof, hayo, sadoqat kabi tuygʻularga loqayd va befarq shaxsga aylantirib qoʻyadi.

“Ommaviy madaniyat” qurboni boʻlgan kishi vatanparvar, fidoyi, rostgoʻy, insofli boʻlishi qiyin, chunki u erkin fikrlashi kerak. Mustaqil fikrlovchi odamlar koʻp boʻlsa, “ommaviy madaniyat”ning bozori kasod boʻladi. Shuning uchun ularga oʻrtamiyona, ergashuvchi omma kerak.

Yoshlar qiziquvchan, ishonuvchan, ergashuvchan, lekin katta kuchdir. Shu bois ham “ommaviy madaniyat” qurbonlari koʻproq yoshlardir. “Ommaviy madaniyat” shaxsning didini oʻldirib, millionlab odamlarni mustaqil fikrdan, shaxsiy munosabatdan, demak, oʻzligidan, qalbidan judo qiladi. Bu esa turli xil yot gʻoyalarni gʻarazli maqsadlar yoʻlida targʻib qilayotgan kuchlar uchun ayni muddao. Demokratiya niqobidagi bunday tahdidlardan ogoh boʻlish uchun esa oʻzlikni anglash, mohiyatini tushunish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa kasb-hunar kollejlari, akademik litsey oʻquvchilari va oliy oʻquv yurti talabalari oʻrtasida olib borilayotgan maʼnaviy-ahloqiy tarbiya borasidagi ishlarning ahamiyati beqiyosdir. Shu sababdan ushbu qatlam oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini, istiqlol gʻoyalarini targʻib etuvchi  tadbir va loyihalar koʻlamini yanada kengaytirish, ularning qalbiga kirib borish uchun zamon talabidagi innovatsion texnologiyalardan foydalanish davr talabidir.

Milliy tarix va madaniyatni bilish — oʻzlikni anglashning ostonasi. Gʻururu iftixori bor odam birovga boʻyin egmaydigan, dadil odimlaydigan, irodali, ulkan ishlarga qodir orzu-havasli shaxs. Yoshlarimizni vatanparvar, chinakam buyuk inson etib tarbiyalash esa pedagoglardan gʻayrat-shijoat, fidoiylik va ogohlikni talab qiladi.

Zuhra ISMOILOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.