18 +  RSS  E-mail
13:50, 13 09 2018

“Namangan investitsiya biznes-forumi”


Viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari, tegishli boshqarma va tashkilotlar, bank muassasalari mas’ul xodimlari, ishlab chiqarish korxonalari, Farg‘ona, Andijon viloyatlari, mahalliy tadbirkor va ishbilarmonlar, AQSH, Gollandiya, Daniya davlatlardan tashrif buyurgan hamkor biznesmenlar vakillari ishtirokida o‘tgan forumda viloyatning investitsiya salohiyati va uni ro‘yobga chiqarish borasida erishilayotgan natijalar, istiqboldagi imkoniyatlar haqida keng ma’lumot berildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati xabar qiladi.

Viloyatni 2018-2019 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturiga asosan 503 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, shundan joriy yilda umumiy qiymati 264,0 million dollarlik 306 ta loyihani amalga oshirish hamda 9 ming 740 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilab olingan.

Yilning o‘tgan davri mobaynida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 190,0 million dollarga teng 166 ta loyiha foydalanishga topshirildi va 4 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Namangan shahrida “Miray Soks” qo‘shma korxonasida trikotaj mahsulotlari, “Sug‘diyona fayz tekstil” MCHJda tikuvchilik mahsulotlari, “O‘z Chasis” qo‘shma korxonasida avtomobil faralari, “Nam Toch servis” xorijiy korxonasida tom yopqich ashyolari, “Kosonsoy serhosil intensiv bog‘lari” MCHJda  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, “Chodak asl biznes” MCHJda un va un mahsulotlari, “Uychi parranda”MCHJda parranda go‘shtini ishlab chiqarish kabi yirik loyihalar ishga tushirildi.

Forumda ta’kidlandiki, qulay investitsiya muhitini yaratishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda  mamlakatimizdagi ettita erkin iqtisodiy zonalardan biri Namanganda tashkil etilmoqda. “Kosonsoy-farm” deb nomlangan mazkur sanoat hududida dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarishga qaratilgan, umumiy qiymati 13,2 million dollar bo‘lgan 10 loyiha amalga oshiriladi. 100 turdagi dori-darmonlar ishlab chiqqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan ushbu erkin iqtisodiy zonada joriy yil oxirigacha 3 ta, 2019 yilda 6 ta korxona ishga tushiriladi. 2020 yilda sanoat hududidi to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Sanoat ishlab chiqarishi yo‘nalishidagi huddi shunday erkin iqtisodiy zona Chust tumanida ham tashkil qilinadi. U yerda umumiy qiymati 157,3 milliard so‘mlik 12 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Forumda shuningdek, mahalliy va xorijiy investorlarga bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanish, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, bank kreditlari ajratish, import va eksport, turizimni rivojlantirish, tadbikrkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari  borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Forum doirasida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ilg‘or ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari ko‘rgazmasi, davlat xizmatlari markazi, adliya tizimi tomonidan ko‘rsatilayotgan huquqiy-axborot xizmatlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Forum ishtirokchilari “Orzu” kichik sanoat zonasi, Namangan shahrida barpo etilayotgan “Afsona” madaniyat va istirohat bog‘i, “Namangan momiq sochiqlari” korxonasida bo‘lib, qulay  investitsiya muhiti samaralari bilan bevosita tanishdilar.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.