18 +  RSS  E-mail
12:20, 12 09 2018

Urganchda “Do‘stlik va NNTlar uyi” ochildi


“Do‘stlik va NNTlar uyi”ning birinchi bo‘lib Urganchda ochilishi viloyatda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarini behad quvontirdi, deb xabar beradi Xorazm viloyati hokimligi axborot xizmati.

Tadbirni Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Farhod Ermanov ochdi va nutq soʻzladi. Shuningdek tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov soʻzga chiqdi.

Bu yerda milliy madaniy markazlarning yanada samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Urganch shahri markazida foydalanilmay turgan inshoot jami 1 milliard 300 million so‘m evaziga to‘liq rekonstruktsiya qilinib, ta’mirdan chiqarildi.

Ayni paytda ushbu binoda viloyatda faoliyat olib borayotgan tatar, koreys, rus va qozoq milliy madaniy markazlari hamda 20 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari ish boshladi. Shuningdek, binoda turli madaniy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan zal, til o‘rgatish markazlari, raqs xonasi, kompyuter to‘garagi xonasi, tibbiyot va dam olish xonalari hamda koreys milliy madaniy markazi tomonidan tashkil etilgan muzey joylashgan.

Bugungi kunda Xorazm viloyatida 30 ga yaqin millat vakillari ahil-inoq istiqomat qilmoqda. Milliy madaniy markazlar millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida jamoat tashkilotlari faolligini oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida nodavlat notijorat tashkilotlari yordamida ba’zi yo‘nalishlarda kuzatilgan muammolar joyida hal etilmoqda, xalqimiz turmush sharoiti yaxshilanishiga hissa qo‘shayotir.

Tadbir doirasida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tanlovida g‘olib bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati NNTlariga sertifikatlar topshirildi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.