18 +  RSS  E-mail
11:51, 12 09 2018

Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv


Adliya vazirligida Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qiladi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari Mahmud Istamov boshchiligidagi adliya vazirligi vakillari delegatsiya aʼzolari bilan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashning kafolatlarini mustahkamlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni muhokama qilishdi.

Shuningdek tomonlar inson huquqlarini, jumladan eʼtiqod va soʻz erkinligini taʼminlashning asosiy xalqaro huquqiy meʼyor va tamoyillari borasida fikr almashdilar.

Xususan, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yznalishida olib borilayotgan islohotlarning ustuvor jihatlaridan biri sifatida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash turganligi eʼtirof etildi.

Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi delegatsiyasiga joriy yilda Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining universal davriy maʼruza boʻyicha ishchi guruhining 30-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha uchinchi milliy maʼruzasining koʻrib chiqilishi yakunlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmlarini maqsadli ravishda takomillashtirib borayotganligi taʼkidlandi. Xususan, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari joriy etilganligi, bu jarayonda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining faol ishtiroki taʼminlanayotganligi taʼkidlandi. Bu jarayonga koʻmaklashish maqsadida NNTlarni roʻyxatga olish va oʻz faoliyatini erkin yuritishi borasida qator talablar bekor qilindi.

Muloqot davomida sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, faoliyati samaradorligini oshirish hamda obroʻ-eʼtiborini taʼminlashning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Xorijlik ekspertlarga majburiy mehnat holatlariga barham berish borasida davlat darajasida amalga oshirilayotgan choralar haqida maʼlumotlar berildi. Xususan, norvegiyalik ekspertlar eʼtibori yaqinda hukumat tomonidan qabul qilingan paxta xomashyosini terish davomida majburiy mehnat holatlariga barham berishga, jumladan, paxtani qoʻlda terish uchun toʻlanadigan ish haqining mehnat bozorida shakllangan oʻrtacha ish haqi darajasiga tenglashtirishga qaratilgan yangi iqtisodiy chora-tadbirlarga qaratildi.

Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini isloh qilish jarayoni jahon hamjamiyatida, jumladan, xorijiy mamlakatlardagi fuqarolik jamiyati institutlarida katta qiziqish uygʻotayotayotganligini eʼtirof etishdi.

Uchrashuvda xorijlik ekspertlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish borasida oʻzlarining tavsiyalari bilan boʻlishdilar hamda kelgusida hamkorlikni davom ettirish istagini bildirishdi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.