18 +  RSS  E-mail
12:08, 11 09 2018

“Erasmus+” Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan «Taraqqiyot» respublika tanlovi borasida hamkorlik qiladi


Innovatsion rivojlanish vazirligida Vazir oʻrinbosari A.Nazarov hamda Yevropa Ittifoqi taʼlim dasturi koordinatori A.Abdurahmanova oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro hamkorlik, jumladan, har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi doirasida birgalikda ishlash masalalari koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida 3755-sonli qarorining 7-bandida tanlovni oʻtkazish doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlari va homiylik mablagʻlarini jalb etish koʻrsatilgan.

“Erasmus+” vakillari amaldagi dasturlar haqida toʻxtalib, ushbu tanlov boʻyicha alohida loyihani ishga tushirish haqida muzokaralar yuritishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. 16 yoʼnalish boʻyicha finalga chiqqan 50 nafar nomzodlarning xorijda amaliyot oʻtashlari koʻzda tutilgan boʻlib, Yevropa ittifoqi taʼlim dasturining koordinatori ushbu masalada koʻmaklashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv natijalari boʻyicha hamkorlik qilish va “Erasmus+” dasturining Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan yangi loyihalarni ishga tushirishga kelishildi.

Maʼlumot: “Erasmus+” — Yevropa Ittifoqining 2014-2020 yillar davrida taʼlim, malakaviy oʻqitish, yoshlar va sportni rivojlantirishga qaratilgan dasturdir. Dastur YeI ning koʻrsatilgan sohalarda xalqaro hamkorligi boʻyicha eng muvaffaqiyatli dasturlarini birlashtirib, ular sirasiga 1994-2007 yillarda amal qilgan Tempus va Erazmus Mundus ham kiradi.

Toshkentda “Erasmus+” Milliy ofisi (sobiq Tempus) oʻz faoliyatini davom ettirib, u YeI universitetlarida oʻqish uchun grantlar va universitetlararo hamkorlik imkoniyatlari haqida maʼlumot tarqatish, shuningdek joriy loyihalarni amalga oshirishda amaliy koʻmak beradi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.