18 +  RSS  E-mail
12:15, 11 09 2018

Buxoro viloyatida sport tadbirlari boʻlib oʻtmoqda


Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan barcha hududlarda mustaqillikning yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish maqsadida sport tadbirlari oʻtkazilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida sport tadbirlari koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

Qorovulbozor tumanidagi suzish sport turi boʻyicha 2004-2005 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida tuman birinchiligi boʻlib oʻtdi. Musobaqa erkin va chalqancha suzish yoʻnalishida oʻtkazilib, undan 40 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi. Shuningdek, Olot, Qorakoʻl va Peshku tumanlarida «Kurash» milliy sport turi kunini nishonlash maqsadida 2006-2008 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida sportning kurash turidan musobaqalar oʻtkazildi. Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan musobaqalarda 200 dan ortiq yoshlar ishtirok etib, gʻolib va sovrindorlar diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Sport tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom etib, Buxoro tumanida sportning dzyudo turi boʻyicha 2007-2008 yillarda tugʻilgan kichik yoshdagi oʻsmirlar oʻrtasida tuman birinchiligi oʻtkazilgan boʻlsa, Jondor tumanida sportning shaxmat turi boʻyicha keksalar va yoshlar oʻrtasida tuman birinchiligi boʻlib oʻtdi.

Qorakoʻl va Kogon tumanlarida tashkilot, muassasa xodimlari oʻrtasida mini futbol boʻyicha tuman birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.

Viloyat markazidagi sportning badiiy gimnastika turi boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida viloyat ochiq turniri start oldi. Buxoro shahridagi Gimnastika sport turi boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar — oʻsmirlar sport maktabida tashkil etilgan turnir 2009-2004-yilda tugʻilgan qizlar oʻrtasida yakka tartib dasturi asosida oʻtkazilmoqda.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.