18 +  RSS  E-mail
13:50, 10 09 2018

Xavfsiz internet bilan xavfsiz hayot sari


O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan Guliston tumani Yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji binosida “Xavfsiz internet” loyihasi doirasida “Yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qoʻmitasi, Sirdaryo viloyat va Guliston tuman Kengashi vakillari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Guliston tuman Kengashi, IIB vakili, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Guliston tuman boʻlinmasi, Guliston tumani Yengil sanoat va servis kasb-hunar kolleji oʻqituvchilari va oʻquvchilari, “Yoshlar qanoti” faollari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad, yoshlarning internet resurslaridan foydalanish holatini tahlil qilish, ularda axborot olish va uzatish madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning ruhiy salomatligi va maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga taʼsir koʻrsatadigan axborotdan qonuniy muhofaza qilish, xavfsiz internet muhitini shakllantirish va bu boʻyicha sharoit yaratishdan iborat.

Hozirda Internet auditoriyasining katta qismini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon tarmogʻida yaratilayotgan imkoniyatlarni inkor etolmaymiz, albatta. Biroq, kuchli mafkuraviy taʼsir koʻrsatish vositasi boʻlgan ushbu moʻʼjiza jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek:  …Ekstremistik faoliyat va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Internet tarmogʻida oʻz joniga qasd qilishning oson yoʻllarini targʻib qiladigan 9 mingdan ziyod sayt mavjudligi koʻpchilikni tashvishga solmoqda. Kompьyuter oʻyinlarining deyarli yarmiga yaqini zoʻravonlik va yovuzlikni targʻib qilmoqda, 42 foiz bola va oʻsmirlar onlayn tizimi orqali tarqatiladigan pornografiya taʼsiriga butunlay qaram boʻlib qolgan. Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida 38 foiz bola millatchilik ruhidagi veb-sahifalarni muntazam kuzatib borishini aniqlashgan.

Yigʻilishda Internet xavfsizligini taʼminlash yuzasidan O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Mafkuraviy, targʻibot-tashviqot ishlari boʻlimi mudiri D.Toʻraqulov, tuman IIB inspektori Sh.Toʻrayevlarning maʼruzalari tinglandi. Shuningdek, ochiq muloqotda katta qiziqish bilan qatnashgan yoshlar muhokama etilayotgan mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib oʻtishdi.

Shuningdek, tadbirda loyiha doirasida viloyatimizning barcha hududlarida uchrashuvlar tashkil etish, muntazam ravishda yoshlarda internetdan toʻgʻri foydalanish madaniyati va koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan axborotlarni berib borish, oʻquv-kurslar tashkil etish, shuningdek, yoshlarning internet manbalaridan foydalanish darajasini oʻrganishga qaratilgan soʻrovnomalar oʻtkazish borasida bir qancha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Husan JABBOROV,

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

yoshlar bilan ishlash boʻlimi mudiri.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.