18 +  RSS  E-mail
7:56, 10 09 2018

Jizzax viloyati hokimligida Koreyalik quruvchilar bilan memorandum imzolandi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi tashabbusi bilan Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi hamda Davlat arxitektura-qurilish kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi Jizzax viloyatiga keldi, deb maʼlum qiladi viloyat hokimligi axborot xizmati.

Jizzax viloyati ayni kunlarda ulkan qurilish maydoniga aylangan. Eski, loydan qurilgan binolar oʻrnini savdo-maishiy majmualari boʻlgan yangi, zamonaviy uy-joylar egallamoqda.

Koʻchalar, yoʻllar kengaytirilib, obodonlashtirilyapti. Jizzax shahri hududida 2013 yilda boshlangan bunyodkorlik ishlarining birinchi bosqichi besh yilga moʻljallangan edi. Bugunda ham qurilish va obodonlashtirish ishlari meʼmorchilik va shaharsozlikning eng zamonaviy talablari asosida davom ettirilmoqda. Viloyatning amaldagi infrastrukturasi bilan tanishgan va bir qancha qurilish obʼektlarini koʻzdan kechirgan mehmonlar shaharsozlik sohasidagi hamkorlik masalalarini kelishib olish maqsadida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev bilan uchrashdilar.

Dastlab ularga viloyatning investitsion va turistik salohiyati borasida batafsil maʼlumot berildi. Uchrashuv davomida shaharsozlik yoʻnalishidagi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

— Biz Jizzax shahrida keng koʻlamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilayotganining guvohi boʻldik. Oʻylaymanki, sohada zamonaviy yuqori texnologiyalarni qoʻllash orqali bundanda yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bizning davlatimiz ham shaharsozlik sohasida xuddi shunday rivojlanish bosqichlarini bosib oʻtgan. Shu bois,hamkorligimiz doirasida tadqiqotlar olib borish, oʻzaro konsulьtatsiyalar, axborot almashinuvi va loyihalashtirish, qurilish, rekonstruktsiya va shaharsozlikning boshqa yoʻnalishlarida ham hujjatlarni tayyorlash borasidagi hamkorligimiz koʻzda tutilmoqda,- deydi Kim Son Xo — Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi xalqaro qurilish loyihalari boʻlimi boshligʻi.

Uchrashuv yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi Milliy agentligi, Jizzax viloyat hokimligi hamda Koreya Respublikasining yer, infrastruktura va transport vazirligi oʻrtasida oʻzaro kelishuv memorandumi imzolandi.

Hujjat shaharsozlik sohasi va hududiy loyihalashtirishdagi hamkorlik, Jizzax shahri bosh rejasi kontseptsiyasini va hududlar hamda aholi punktlari loyihaviy rejalarini ishlab chiqishni koʻzda tutadi. Shuningdek, hujjatga asosan hamkorlikda seminarlar, konferentsiyalar oʻzaro tashriflar va boshqa tadbirlar orqali mutaxassislar va ekspertlar oʻrtasida sohada zamonaviy texnologiyalarni va loyihalashtirish uskunalarini qoʻllash boʻyicha tajriba va axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilyapti. Bir soʻz bilan aytganda, qurilayotgan binolar, infratuzilma inshootlari muntazam ravishda meʼmorchilik va shaharsozlikning oʻzgarib borayotgan talablari asosida mukammallashtirilmoqda.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.