18 +  RSS  E-mail
13:41, 10 09 2018

Samarqandda Vebster magistraturasi ochiladi


 

Samarqand davlat chet tillar institutida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Vebster universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Dunyo reytingida salohiyatli kadrlar yetkazib berish darajasiga koʻra yuqori oʻrinlarda turuvchi ushbu xorij universiteti bilan oʻzaro hamkorlikda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlashga erishish boʻyicha dastlabki aloqalarga kirishilganiga koʻp vaqt boʻlgani yoʻq.

Joriy yilning may oyida Vebster universiteti professor olimlari ilk bor koʻhna shaharga tashrif buyurgan boʻlsa, iyul oyi oxirida samarqandlik olimlar Amerikada boʻlib, hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

Mazkur universitet vitse-prezidenti Piter Maxer va chet tili fakulteti dekani doktor Dje Kayzerning bu galgi tashrifi ham ishchan ruhda oʻtdi. Tadbirda tomonlar mazkur hamkorlik aloqalarining ikki tomon uchun foydali ekanligini qayd etishdi.

Tashrif davomida mehmonlar SamDChTI oʻqituvchilari bilan seminar-trening oʻtkazib, sohaga doir ilgʻor tajribalarini oʻrtoqlashdi. Yaqin kelajakda Vebster universiteti talabalari uchun Samarqandda qisqa muddatli “Oʻzbek tili va madaniyati” oʻquv kurslarini tashkil qilish, amerikalik professor-oʻqituvchilarni institutning oʻquv jarayonlariga jalb etish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.

Ismatulla DOʻSTMURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.