18 +  RSS  E-mail
10:10, 09 09 2018

Kimni aldayapmiz, azizlar!


Kunora avtobusga chiqaman. Har kim har xil fikrni aytadi. Lekin aytilgan soʻzda baribir haqiqat boʻladi. Oddiy kishilar rost gapirishadi.

Yaqinda eshitganim juda qiziq boʻldi: emishki  tumanning  bir qishlogʻida viloyat kattalari bilan yigʻilish oʻtkazilar emish. (Bilishimizcha xalq qabulxonalari vakillari  qishloq aholisi huzurida boʻlishsa kerak). Avtobusdagilar aytishdiki, qishloqdagi mahalla faollari har bir uyga kirib “Kattakonlar kelishganida hamma narsa yaxshi, gaz ham,  elektr ham, suv ham bisyor deb aytinglar, muammolar  haqida gapirmanglar”, deyishibdi.

Bu qanaqasi boʻldi? Juda antiqa-ku! Axir aholi muammosi hal boʻlmayotganligini, tashvish va dardini viloyat rahbarlariga aytmasa, kimga aytadi? Vaholanki  ular aytayotgan hududda aynan tabiiy gazning 10 yillardan buyon  yoʻqligi, elektr energiyasining  bir sutkada atigi ikki-uch soat berilayotganligi, suvsizlikdan odamlarning oʻrtanayotganligini men yaxshi bilaman-ku!

Kamchiliklarni aytishdan istihola qilish bu taraqqiyotni  toʻsish degani emasmi axir?! Bilishimizcha, bu qaysidir  “aqlli” amaldorning oʻylab topgani boʻlsa kerak! Muammoni xaspoʻshlash uning yanada ildiz otib ketishiga imkon bermaydimi? Axir muammo oʻz joyida, oʻz vaqtida aytilmasa, unga qanday  yechim  topiladi?! Biz oʻzi kimni aldayapmiz, meni kechiring-u faqat oʻzimizni aldayapmiz xolos, azizlar!

Hammasi shu zaylda ketadigan boʻlsa, yara illat olib kattayishini hamma biladiku!  Shu zaylda yashayversak, bir joyda depsinib qolgan otga oʻxshab qolmaymizmi azizlar?! Kimni aldayapmiz oʻzi?! Oʻzimizni emasmi…

Feruza TANGRIBERGANOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.