18 +  RSS  E-mail
12:28, 06 09 2018

Koreya Respublikasi instituti (NHI) tinglovchilari bilan uchrashuv


5 sentyabr kuni Toshkentda AKT vazirligi vakillari hamda Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish Milliy instituti (NHI) tinglovchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

AKT vazirligi  axborot xizmati xabariga ko’ra, NHI delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifidan maqsad, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa davlat organlari faoliyati bilan tanishishdan, shuningdek, davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston tomoni mehmonlarni kelajakda AKTni rivojlantirish yoʻnalishlari va istiqbollari, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash boʻyicha, xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyati va boshqalar bilan tanishtirdi.

Koreya delegatsiyasi aʼzolari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekistonda olib borilayotgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston AT-mutaxassislari tomonidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

NHI 1949 yilda tashkil etilgan va Koreyada davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (DBA) analogi) boʻyicha asosiy oʻquv-taʼlim muassasasi hisoblanadi.

2018 yilning 24-26 iyun kunlari NHI prezidenti O Dong Xo tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (DBA) hamda Koreya Respublikasi inson resurslarini rivojlantirish Milliy instituti (NHI) oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolangan edi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.