18 +  RSS  E-mail
19:07, 05 09 2018

Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlari


Qirgʻiziston Respublikasining Cholpon-Ata shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida sportchilarimiz qozoq kurashi, pahlavani (Eron kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi) va lochin ovi va tayganlar yugurishi, mas-restling boʻyicha bahslarga kirishgan, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

Oʻyinlarda qozoq kurashi boʻyicha 20 ta davlatdan 56 nafar sportchi ishtirok etib, murosasiz kechgan bahslarda yurtdoshlarimiz Sarvar Ikromov (-90 kg) kumush medalni qoʻlga kiritdi. Goresh (Turkmaniston kurashi) boʻyicha boʻlgan bahslarda esa Sherzod Rahimov mutlaq vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻldi.

Lochin ovi va tayganlar yugurishi boʻyicha bahslarda dunyoning 10 ta davlatidan 25 nafar sportchi ishtirok etib, lochinda ov yoʻnalishida yurtdoshimiz Denis Tsoy bronza medalini qoʻlga kiritdi.

27 ta davlatdan 127 nafar sportchi ishtirok etgan mas-restling boʻyicha bahslarda vakillarimiz salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritishdi. Ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Regina Mulyasheva (-55 kg) kumush, Madina Eliyeva (-125 kg) bronza medalini qoʻlga kiritishgan boʻlsa, erkak sporchilarimiz Islom Abdumalikov (-60 kg), Ilyos Kadirov (-90 kg), Nasim Radjabov (-125 kg) bronza medaliga sazovor boʻlishdi.

Shunday qilib, kecha, 4 sentyabrь kuni oʻtkazilgan bahslarda 20 nafar sportchimiz ishtirok etdi va jami 8 ta medalь (2 ta kumush, 6 ta bronza) qoʻlga kiritildi.

Bugun, 5 sentyabrь sanasida Oʻzbekiston vakillari mangol box (Moʻgʻuliston kurashi) va qirgʻiz kurashi turlari boʻyicha bahslarga kirishadi.

Eslatib oʻtamiz, 2 sentyabrdan 8 sentyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasi 13 ta sport turi boʻyicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.